5-iyun — Xalqaro atrof-muhit kuni

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, 5-iyun — Xalqaro atrof-muhit kuni O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi. Shu bois, 2-iyunda Toshkent shahridagi G‘ofur G‘ulom bog‘ida ushbu kunga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda “Onajonim tabiat” mavzusida maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi insholar tanlovining g‘oliblari, ekojurnalistika bo‘yicha XV respublika konkursi laureatlari, talaba va magistrantlarning butunjahon iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi loyihalari egalari, “Tibbiyot va ekologiya, onalik va bolalikni himoya qilish” tanlovi sovrindorlari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Ushbu tadbirda “Tabiatga imkon bering” loyihasi tashkilotchilari ham ishtirok etib, eng yaxshi surat, insho, jurnalistlik ishi, televideniye ko‘rsatuvi mualliflariga o‘zining sovg‘alarini ulashdi.

Shuningdek, estrada yulduzlari va bolalar san’at guruhlari tomonidan konsert tashkil etildi. Qariyalar va Toshkent shahri hamda viloyatidagi “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilariga bayram dasturxoni yozildi.